«Yashil kelajak» NDT oʻzining ilk seminarini tashkil qildi va unda Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi va AQSh Oʻrmon xizmati vakillari tajriba almashish maqsadida Soʻqoqdagi qoʻriqxonada yigʻildilar.
13-15 sentyabr kunlari Toshkent viloyatining Parkent tumani, Soʻqoq qishlogʻidagi oʻrmon hududida bir necha treninglardan iborat seminar tashkil qilindi. AQSh Oʻrmon xizmati (US Forest Service) dan tashrif buyurgan hamkasblar: Lia Lord (Leah Lord), Otom Ela (Autumn Ela) va Mettyu Fillips (Matthew Phillips) lar AQSh hududlarida rekreatsion qoʻriqxonalar tashkil qilish borasidagi oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashdi.
«Nufuzli qoʻriqxonalardan tashrif buyurgan oʻzbekistonlik oʻrmonshunoslar va mutaxassislar bilan birga ishlashdan va oʻzaro tajriba almashishdan mamnunmiz. Ular bizning, AQShdagi tashkilot qoʻriqxonalar bilan qanday tazrda ish olib borishimizga va tajribamizni qanday qilib Oʻzbekistondagi qoʻriqxonalarda mumkinligiga katta qiziqish bildirishdi», – deydi dastur menejeri Lia Lord.
AQSh Oʻrmon xizmati butun dunyo boʻylab hamkorlikni yoʻlga qoʻygan va bunga hali koʻp boʻlmadi. Ular hamkorlik qilayotgan davlatlar qatoridan Afrika mintaqasining bir nechta davlatlari oʻrin olgan. Maqsad – ularda ekoturizmni rivojlantirishga koʻmaklashish.
Seminar davomida amerikalik hamkasblar bir qancha kompleks masalalarni oʻrtaga tashladi: tabiat qoʻynida oilaviy hordiq chiqarish mumkin boʻlgan rekreatsion dam olish hududini yaratish – hududni planlashtirish, dizaynini yaratish, soʻqmoqlarni tiklash va Soʻqoqda infratuzilmani yoʻlga qoʻyish.
Tadbirning muhim jihati shundaki, unda aniq bir natijaga erishish maqsad qilib olindi. Shu tarzda, seminar oʻzaro muloqotlarga boy, interaktiv tarzda oʻtkazildi. Leksiyadan tashqari, seminarda amaliy mashqlar ham bajarildi.
Treningning birinchi kunida, AQSh Oʻrmon xizmati mutaxassislari milliy qoʻriqxonalar yaratish va ularni koʻrkamlashtirish borasidagi oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashishdi. Ikkinchi va uchinchi kunlari esa, seminar ishtirokchilari guruhlarga boʻlinib, treningni dala-maydon sharoitida olib borishdi. Ular mahalliy sharoitni oʻrganib chiqib, xarita tuzib chiqishdi va atrof-muhit holatini tahlil qilish va baholash metodlari bilan tanishdilar. Oʻrganilgan bilimlarni amalda bevosita tatbiq qilar ekan, oʻrmon xoʻjaligi xodimlari maxsus ish qurollari bilan ham tanishdilar. Ulardan biri klinometr – qiyaliklarning burchagini aniqlaydigan asbob.
Seminar yakunida, qoʻriqxonani koʻrkamlashtirish va uni dam olish maskani sifatida ommaviylashtirish boʻyicha har bir guruh oʻz shaxsiy qarashlarini taqdim etdi.
Oʻtkazilgan trening natijasida oʻrmon xoʻjaliklarimiz xodimlari nafaqat katta tajriba va bilimlarga ega boʻldilar, balkim, qoʻriqxona hududida koʻngildagidek dam olish maskanini yaratish borasida xorijiy hamkasblaridan aniq, yoʻnaltirilgan maslahatlar olishdi.